FOTO: MADINA AʼZAM
"Odamlar mehribon bo'lishini xohlayman"
Toshkent hayvonot bog'idagi Navro'z laqabli yo'lbars hikoyasi
Toshkent hayvonot bogʻida 10 yashar bir yoʻlbars bor. Laqabi – Navroʻz. Oʻzi moskvalik, 8-yildan beri Toshkentda yashaydi. Hayotning achchiq-chuchugini totgan, hatto bir "xotini" va bolasidan ham "ayrilgan". Bir tishidan ham ayrilgan. Navroʻz oʻz hikoyasini "Gazeta.uz" bilan boʻlishdi – uning odamlarga iltimosi bor.
Toshkent hayvonot bogʻida 10 yashar bir yoʻlbars bor. Laqabi – Navroʻz. Oʻzi moskvalik, 8-yildan beri Toshkentda yashaydi. Hayotning achchiq-chuchugini totgan, hatto bir "xotini" va bolasidan ham "ayrilgan". Bir tishidan ham ayrilgan. Navroʻz oʻz hikoyasini "Gazeta.uz" bilan boʻlishdi – uning odamlarga iltimosi bor.
Mening ismim Navro'z, Toshkent hayvonot bog'ida yo'lbars lavozimida ishlayman. Lekin bu mening birinchi ish joyim ham, birinchi ismim ham emas. Men o'zi 2014-yil 19-avgustda Moskvada tug'ilganman. Tug'ilganimda ismim Dikiy (Yovvoyi) edi — Uzoq Sharq o'rmonlarida emas, balki shahardagi hayvonot bog'ida tug'ilgan yo'lbarsvachchaga nega bunday g'alati ism qo'yishganiga hali-hali hayron bo'laman. 2016-yil fevralida meni Toshkent hayvonot bog'iga olib kelishgach, propiskam bilan birga ismim ham o'zgargan. Buning ham tarixi qiziq.
Siz odamlarda qanday bilmadimu, lekin biz, zoopark hayvonlarida shunday — bir joydan boshqasiga ko'chsak, kamida 20 kun, ko'pi bilan to'rt oygacha karantinda bo'lamiz. Endi, biror kasallik-pasallik olib kelgan bo'lmasin yo yangi joyga moslasha olmay, kasal bo'lib qolsa, boshqalarga ham yuqtirmasin, deyishadi-da. Men ham Toshkentga kelgach, 20 kun karantinda yotganman.

Ochig'ini aytishim kerak, yaxshi kutib olib, yaxshi qarashgan, yo'qsa, soppa-sog' bo'lsam-da, zerikishdan o'lgan bo'lardim. Shu bois, veterinariya bo'limi ruxsati bilan, 2016-yilgi Navro'z bayrami arafasida ochiq qafasga chiqqanman. Shu bahona bo'lib, zooparkimizning (endi bu yer mening ham bog'im-ku, men ham shu bog'likman axir) ilmiy-ma'rifiy ishlar bo'limi mudiri Vladimir aka Golovanov menga Navro'z deb ism qo'yishni taklif qilgan.
реклама
реклама
Bu taklif hammaga ma'qul kelgan, mana, yetti yildan beri Navro'zman. Bu ismim o'zimga ham yoqadi — "Yovvoyi" degandan ko'ra yaxshi-ku, to'g'rimi? Menimcha, ismim bog'imizdagi boshqa hayvonlarga ham yoqsa kerak. Havas ham qilishar balki.
Boshqa hayvonlar deganga — zooparkda mendan tashqari yana to'rtta yo'lbars bor. Zooparkboshimizga rahmat, biz yo'lbarslar tabiatan yakka yashashga o'rganganimizni bilib, hammamizga alohida-alohida hovli-joy qilib bergan. Chap qo'shnim — oq bengal yo'lbarsi, 2022-yili BAAdan olib kelingan. O'zi ismi Fir'avn, lekin ishchilar uni Fufunya deb chaqiradi, o'tgan yili Janubiy Afrikadan unga bir hamroh ham olib kelishdi (birinchi eshitganimda men ham hayron qoldim — Afrikada bengal yo'lbarsi nima qiladi, deb; zooparkimizni aldab, sherni yo'lbars deb bervorishganmikin deb o'ylagandim, yo'q, rostdan ham yo'lbars ekan).
Navroʻz: "Bu – Aziyani kutayotgan men"
O'ng qo'shnim — Darya laqabli urg'ochi amur yo'lbarsi. To'rtinchi yo'lbars ham urg'ochi, laqabi Aziya, men bilan tengdosh — 2014-yili shu hayvonot bog'ida tug'ilgan. Yashirib nima qildim — Aziya bilan birga yashaymiz (Toshkentga kuyov bo'ldim desam bo'laveradi), o'zimizdan avlod qoldiraylik deb yaxshi niyatda bir ochiq qafasga bosh suqqanmiz. Lekin bu mening birinchi "turmush"im emas. Maya degan urg'ochi yo'lbars bo'lardi, 2017-yil dekabrida o'sha bilan boshimizni qovushtirishgan. Shu bilan 2018-yil aprelida otalik baxti nasib etgan — Indira ismli qizimiz bor edi. Hozir Mayani ham, Indirani ham boshqa hayvonot bog'iga berib yuborishgan. Nima ham qila olardim — zooparkchilik, taqdirimiz shu.
Darvoqe, o'rni kelganda bir narsani aytib ketay — siz odamlar orasida ham shunday masala bormi-yo'qmi, bilmadimu, lekin biz yo'lbarslarda qarindoshlarning er-xotin bo'lishi mutlaqo mumkin emas. Boya bekorga propiska deganim yo'q — propiska pasportda bo'ladi-da, biz, hayvonot bog'i jonivorlarining ham pasportlarimiz bor. Hayvonot bog'lari va akvariumlarning Yevroosiyo mintaqaviy assotsiatsiyasi (YeARAZA) degan tashkilot yuritadi pasportlarimizni. O'sha yerdagi pasportlarimizga qarab, har bir yo'lbarsning hamma qarindoshlarini ko'rish mumkin. Masalan, Aziya shajarasi bo'yicha menga qarindosh, deylik, opam yo singlim bo'lganida edi, turgan gapki, bizni bir qafasga qo'yishmasdi. Bundan tashqari, men Aziya bilan umrimning oxirigacha yashamayman — hali yana bir necha "oilam" bo'lishi mumkin, o'shanda zooparkimiz mutaxassislari YeARAZA bazasidan tekshirib, menga qarindosh bo'lmagan yo'lbars-xonimni olib keladi.
Bundan tashqari, o'sha pasportlar bo'lmasa ham, o'zimizda kuchli bir sezgi bor — qarshingdagi urg'ochi yo'lbars begona emas, o'z qarindoshing ekanini sezasan, u ham buni sezadi. Birga-birga o'ynashimiz mumkin, lekin er-xotin bo'lish haqida umuman o'ylamaymiz, chunki bunda sog'lom nasl tug'ilmaydi. Bilishimcha, siz odamlarda ham shunaqaroq sezgi bor — "fahm-farosat" deysizlar, shekilli. Lekin u ham kimdadir boru kimdadir yo'q, ba'zan ishlab, ba'zan ishlamay qoladi, to'g'rimi?
Nega bunday deyapman? Ba'zilar rosa qiy-chuv qiladi, qo'li bilan qafas temirlarini urib, shovqin ko'taradi, o'zi bilan birga olib kelgan plastik idish, o'yinchoq yo boshqa narsalarni, hatto chiqindilarni qafas ichiga otadi. Bunday qilish yaramaydi-da! Ana, filimiz Putrining qafasiga qotgan nonning qadog'ini otishgan ekan, qiziqib yeb qo'yibdi. Necha kun mazasi bo'lmay yurdi. O'zi bittagina filimiz bo'lsa. O'ldirib qo'yasizlar-ku bunaqada.
Ayrimlar: "Nega bu yo'lbarslaring o'ynab, sakrab yurmayapti?", deb zoopark rahbariyatiga shikoyat qilishgacha boribdi hatto. Baraka topkur, sen sirkka emas, hayvonot bog'iga kelding, bu yerda hayvonlar tryuk ko'rsatmaydi — rahbariyatga shikoyat qilishga yetgan aqling nega shunga kelganda oqsaydur, deb o'kirsang-da ularga qarab. Tavba, odam degan ham shunaqa bo'ladimi, a?
Biz yo'lbarslar tunda faol bo'lamiz, ovqatni ham asosan "ish vaqti" tugagach, 20:00 dan keyin, tunda yeymiz (darvoqe, "ish vaqti"miz 9:00 dan boshlanadi). Kunduzi esa yeganimizni xazm qilib, charchoqni chiqarib, ko'p-ko'p uxlaymiz. Mushuksimonlarning deyarli bari shu. Lekin odamlar mushukning uyquchiligini biladiyu, kun yorug'da bizni ko'rgani kelib, "qorni ochligidan uxlab yotibdi", deydi, "bu ham uyimizdagi mushukdek uyquchidir", deb o'ylamaydi. Mabodo uyg'oq bo'lib, qafas ichida aylanib yursak "go'sht qidiryapti" degan gapga, odamlar tashlagan narsani yeb ko'rsak, yana "och qolibdi" degan tuhmatga qolamiz.
Bizning och-to'qligimizdan qayg'uradigan odamlarga shuni rasman ma'lum qilishim mumkinki, yeb-ichishimiz juda joyida. Toshkentga kelganimda hali ikki yoshga ham to'lmagan o'spirin edim, vaznim 155 kilocha edi. O'zbekistonda ko'p go'sht yeyisharkan va ko'p go'sht berisharkan — ilk kelgan vaqtlarim kuniga 7−8 kilo mol go'shti berishardi. Hozir og'irligim 280−290 kilo atrofida, qishda kuniga 12 kilodan, yozda esa 10 kilodan mol go'shti yeyman. Mol go'shtidan boshqasi bo'lmaydimi senga, degan savol tug'ilishi mumkin. Ochig'i, menga umuman farqi yo'q — molmi, parrandami, quyonmi, hammasining go'shtini ko'rdim demay uraveraman. Lekin tabiat qo'ynida yashagan ajdodlarimiz yirik shoxli hayvonlarni ovlab yegani uchun bog' rahbariyati ham bizni yirik qoramol go'shti bilan siylaydi. To'g'risini aytsam, bu siylovlar menga juda ma'qul.
Kechasi qorinni to'ydirib, kunduzi nuqul dumini osiltirib uxlayverarkan-da bu chiroyli, deb o'ylamanglar tag'in. Qafasning huv burchagidagi soyabonni ko'ryapsizmi? Uning tagida supacha bor. O'zi bu narsalar mening mazza qilib dam olishim uchun qilingan. Lekin, bu yil 10 yoshga to'lsam-da (birpasda kap-katta yo'lbars bo'lib qoldime), ko'ngil haliyam yosh — shu supachani tishlab tortib, o'ynashni yaxshi ko'rardim. Bir safar o'yinga juda berilib ketib, juda qattiq tortib yuborganman — taxtasi sinmagur juda og'ir ekan, o'ng tarafdagi pastki jag' tishimni o'zi bilan olib qolib, yuqoridagisini sindirib yuborgan… Ha endi yigitchilikda shunaqa ishlar ham bo'lib turadi.
Kimdir aytganlarimni o'qib: "Bu yo'lbarsga Toshkent rosa yoqibdi-ku — mazza qilib o'ynarkan, har kuni kilolab go'shtni paqqos tushirarkan-da, ketidan odamlarni yomonlarkan, odamlarni yomon ko'rarkan!", deyishi mumkin.
Birinchidan, ha, Toshkent rosa yoqdi — mana, Dubaydek joydan kelgan Fufunya ham mazza qilib yuribdi — demak, zo'r-da Toshkent (ayniqsa, yozning issig'ida hovuzda cho'milish mazza!). Ikkinchidan, yo'q, men odamlarni yomon ko'rmayman. Ha, avvallari unchalik yoqtirmasdim, "bizga odamlarning nima keragi bor?", deb o'ylardim. Lekin bundan to'rt yil avval, ayni Navro'z kunlari aslida odamlarni juda yaxshi ko'rishimni sezib qoldim.
O'shanda zoopark birdan huvillab, tinchib qoldi. Faqat buyoqdan bo'rining uvillashiyu, uyoqdan sherning onda-sonda davomli o'kirishi eshitiladi, xolos. Na katta odamlarning g'ovur-g'uvuri, na bolalarning qiy-chuvi bor. To'g'risi, o'zimni yo'qotib qo'ydim, ishtaham yo'qolib, tomog'imdan go'sht o'tmay qoldi. Baxtimga veterinariya bo'limidagi mehribonlarim bor ekan — vitaminlar berib, ahvolimni o'nglashdi, yana avvalgidek 10 kilolab go'sht yeya boshladim.
Keyin bilsam, bog'imizdan tashqarida "koronavirus", "pandemiya", "karantin" degan narsalar bo'layotan, odamlar zooparkka kelish tugul uyidan ko'chaga ham chiqolmay qolgan ekan.
реклама
реклама
Lekin zooparkimizdagi xodimlar fidoyi — o'sha og'ir kunlarda bog'da navbatma-navbat yotib qolib, bizga mehr bilan qarashdi. Bizga aynan shu qadrdonlarimizning mehri har qanday kasallik, har qanday virusga qarshi haqiqiy vaksina!
Men o'zim Azamat aka Tursunxo'jayev va zootexnik Javlon aka Rixsiboyev nazoratidaman. Vaqtida ovqatimni berishadi, qafaslarimni tozalab qo'yishadi. Ikkisi ham juda yaxshi odam. Hamma odamlar hayvonlarga shu Azamat akam, Javlon akam kabi mehribon bo'lishini juda istardim.
Ha, hamma odamlar hayvonlarga ham, bir-birlariga ham mehribon bo'lishlarini tanimdagi yo'l-yo'l chiziqlarim nechta bo'lsa, shuncha ming, shuncha million marta istardim.
Yoʻlbars bilan Mirolim Isajonov "til topishdi", uning aytganlarini Muhrim Aʼzamxoʻjayev matnlashtirdi. Fotograf Madina Aʼzam esa qoʻyarda-qoʻymay suratga tushirdi.

Matn va barcha grafik materiallarga boʻlgan huquqlar "Gazeta.uz" nashriga tegishli. "Gazeta.uz" internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting